Yangiliklar

Image

Ma’lumotlar markazi ish boshladi

Andijon mashinasozlik institutida talabalar turarjoylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan markazda turarjoy yoki ijara xonadoni olish istagidagi talabalarga zarur ma’lumotlar taqdim etiladi. 

– Ayni kunda talabalarni turarjoy bilan ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan navbatlarning oldini olish, o‘quv yili boshlanishi arafasida turarjoyga muhtoj talabalarning turarjoysiz qolishi ehtimolini bartaraf etish maqsadida institutimiz hududiga kirish joyida Ma’lumotlar markazi tashkil etildi, – deydi Andijon mashinasozlik instituti birinchi prorektori Akmaljon Ermatov. – Markazda talabalarimizni ishonchli turarjoylarga joylashtirish bilan bog‘liq murojaatlar hal etiladi, talabalar turarjoylari va ijara xonadonlari bo‘yicha zarur ma’lumotlar berib borilmoqda. 
Ko‘ngilli talaba yoshlar hamda tyutorlar faoliyat yuritayotgan markazda turarjoyga muhtoj talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, talabalar turarjoyi uchun ariza yuborish jarayoni joriy yil 1 avgustdan boshlangan.

Belgilangan tartibga asosan, turarjoy va ijara xonadonlari olish jarayonlari davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xazmatlari portali my.gov.uz portali orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Reglamentga muvofiq, arizalar birinchi navbatda imtiyoz va ustuvorliklarga ega turarjoyga muhtoj talabalardan olinadi. Shundan so‘ng arizalar umumiy ro‘yxatdagi talabalardan qabul qilinadi.

Qidirish