Belarus milliy texnika universiteti Belarus Respublikasidagi “milliy” maqomiga ega yagona oliy oʻquv yurti hisoblanib, QS World University Rankings nufuzli oliy oʻquv yurtlari xalqaro reytingida TOP-1000talikdan munosib oʻrin egallab kelmoqda.
Universitet 16 ta fakultet, 9 ta kollej, 6 ta institut va 32 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga ega boʻlib, bugungi kunda 23 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Muassas Andijon mashinasozlik instituti bilan 2018-yildan buyon ikki tomonlama manfaatli hamkorlik qilib kelmoqda. Shu davr mobaynida professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvi tashkil etildi, bir qator ilmiy loyihalar amalga oshirildi, xalqaro konferensiyalar oʻtkazildi, bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyildi.
Kuni kecha ushbu universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Sergey Vasilevich Xaritonchik boshchiligidagi delegatsiya Andijon mashinasozlik institutida mehmon boʻldi.
Ularni institut prorektorlari Suhrobjon Aliyev va Ulugʻbek Madrahimov hamda boshqa mutassaddi rahbarlar kutib oldi.
Rasmiylar ishtirokida kelgusidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan muzokara boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar davomida yangi qoʻshma taʼlim dasturlarini ochish, birgalikda ilmiy, taʼlim, sport va madaniy tadbirlarni oʻtkazish, akademik harakatchanlik doirasida talabalar almashinuvi, BNTU talabalari uchun AndMIda oʻqish imkoniyati, professor-oʻqituvchilarning oʻzaro stajirovkalarini tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, BNTU bazasida AndMI talabalari uchun yozgi/qishki maktab oʻtkazish hamda aspiranturada tahsil oluvchilar uchun tadqiqot yoʻnalishlari va mavzulariga yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tez orada yuqoridagi masalalarni amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi.
Muzokaralardan soʻng mehmonlar oliy oʻquv yurti va unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.