Yangiliklar

Image

Institutimiz Hindiston texnologiyalar instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev shu kunlarda Hindiston Respublikasida boʻlib turibdi.

Safar davomida rektor Dehli shahridagi Hindiston texnologiya institutiga tashrif buyurib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ilmiy laboratoriyalar, ishlab chiqarish hamda texnik xizmat koʻrsatish markazlarini koʻzdan kechirdi.

Institutning Xalqaro dasturlar dekani, professor Djeyms Gomes hamda Xalqaro dasturlar koordinatori Srishti Joshi bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida axborot texnologiyalari, mexatronika va robototexnika va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-pedagogik xodimlarning stajirovkasi hamda ikki tomonlama akademik harakatchanlikni rivojlantirish maqsadida almashinuv dasturlarini tashkil etish, 2025-2026-oʻquv yilidan bir qator taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturini ochish va boshqa masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.


Muzokaralar yakunida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Dehli shahridagi Hindiston Texnologiya Instituti 1961-yilda tashkil etilgan boʻlib, 23 ta Hindiston Texnologiya Institutlaridan biri hisoblanadi.  Institut texnik ta'lim bo'yicha dunyodagi eng yaxshi universitetlar qatoriga kiradi. Muassasa 1963-yilda “Milliy ahamiyatga molik institut” etib tayinlangan hamda hukumat tomonidan "Ulug'vorlik instituti"deya e`tirof etilgan.

Qidirish