Yangiliklar

Image

Mehnat bozoriga yoʻl olgan muhandis va iqtisodchilarga diplomlar topshirildi

Joriy yilda Andijon mashinasozlik institutini 10 ta yoʻnalish boʻyicha 16 nafar magistr, shuningdek 23 ta yoʻnalish boʻyicha 803 nafar bakalavr (kunduzgi) bitirmoqda. Bundan tashqari Shimoliy Xitoy texnologiyalari universiteti hamda Belarusiya milliy texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlarini 18 nafar yoshlar tamomlamoqda.

Shu munosabat bilan institutda “Bitiruvchi — 2024” shiori ostida katta hayot yoʻliga kuzatish hamda bitiruvchilarga tantanali diplom topshirish marosimi oʻtkazildi.

Unda prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-oʻqituvchilar, bitiruvchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalarini tabriklash uchun institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, fizika-matematika fanlari boʻyicha falsafa doktori Suhrobjon Aliyev soʻzga chiqib, yoshlarni mustaqil va yangi hayot sari qadam qoʻyayotgani bilan muborakbod etib, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. 

Shundan soʻng bitiruvchilarga tantanali ravishda diplomlar topshirildi. 

Tadbir soʻnggida bir qator bitiruvchilar soʻz olib, oʻqish davomida taʼlim bergan ustozlariga, taʼlim jarayonida qoʻllab-quvvatlagan ota-onalariga oʻzlarining minnatdorliklarini bildirishdi.

Qidirish