Andijon mashinasozlik institutida “Qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish, energiya tejamkor qurilmalarning samaradorligini oshirish, avtomatlashtirish va oʻqitish metodikasini takomillashtirishning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy–texnik anjumani oʻtkazildi.
Anjuman avvalida institut oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Suhrobjon Aliyev soʻzga chiqib, bugungi respublikamizda isteʼmolchilarning energiya resurslariga oʻsib borayotgan talabini qondirish maqsadida sohada tizimli islohotlar olib borilayotgani, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, energiya tejamkorlikka erishish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasidagi ishlarga toʻxtaldi.
Anjuman davomida Xitoy Texnologiyalar universiteti dotsenti Guicheng Zang, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi “Shahrixon gidroelektro stansiyalari kaskadlari” unitar korxonasi direktori Temur Ahmedov, “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati texnika xavfsizligi boʻlimi muhandisi Azizbek Dolimov, institut Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash boʻlimi boshligʻi Otabek Mirzayev, Elektrotexnika, elektromexanika va elektrotexnologiyalar kafedrasi mudiri Abror Shukuraliyev hamda Muqobil energiya manbalari kafedrasi doktoranti Ozodbek Mirkomilov va Marhabo Rasulovalarning maʼruzalari tinglandi.
Anjumanda energetika tizimida uchrayotgan muammolar, uzilishlar va ularni oldini olish, energetika tizimini avtomatlashtirish, energiyadan oqilona foydalanish ishlab chiqarilayotgan energiyalar, gidroelektr stansiyalar faoliyati muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy izlanishlar samarasi tahlil qilinib, erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida munozaralar oʻtkazildi.