Yangiliklar

Image

Milliy libos – millat qiyofasi, inson koʻrki, milliy iftixor ifodasi

Oʻzbek qizlari va ayollari azal-azaldan betakror ibo-hayosi, donoligi va uddaburonligi, milliy liboslardagi goʻzalligi va nafosati bilan dovrugʻi qozongan. Darhaqiqat, atlas, adras, banoras, beqasam va shoyi kabi milliy matolardan tikilgan liboslar xotin-qizlarimizning husniga husn, koʻrkiga koʻrk qoʻshadi. Qolaversa, bu kabi liboslar xalqimiz, ayniqsa, qizlarimizda milliy qadriyatlarga, milliy liboslarimizga boʻlgan hurmat tuygʻularini yanada yuksaltiradi.

Libos nafaqat, insonga koʻrk bagʻishlaydi, balki uning odob-axloqi, dunyoqarashi, feʼl-atvori, maʼnaviyati darajasini, umuman, qanday inson ekanligini namoyon etuvchi vositalardan biri hisoblanadi.

Bugungi globallashuv zamonida xotin-qizlarimiz momolarimizning chin insoniy udumlari davomchilari sifatida milliy liboslarimizga, oʻzbekona kiyinish odobiga bepisand qaramasliklari, bu qadimiy merosimizga, goʻzal anʼanalarimiz, oʻzbekona odob-u andishaga hamisha hurmat va ehtiromda boʻlishlari maqsadga muvofiq.

Shu maʼnoda, Andijon mashinasozlik institutida faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan xotin-qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga oʻrgatish, kiyinish va muomala madaniyatini yuksaltirish, ongi va qalbini gʻoyaviy tahdidlardan himoya qilish, oilaviy hayotga tayyorlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kuni kecha institutda “Milliy libos — maʼnaviyat koʻzgusi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish, yuksak axloqiy fazilatlarni tarannum etish orqali ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda barcha fakultetlardan qizlar oʻz koʻrgazmalari bilan ishtirok etdilar.

Chindan ham, oʻzbekona kiyinish madaniyati, uning targʻiboti, kiyim tanlash, zamonaviy kiyinishda oʻzbekona sharm-hayo meʼyorlariga amal qilish, milliy anʼanalarimizni keng targʻib qilish orqali urf-odat, anʼana va qadriyatlarimizga xos boʻlmagan olomoncha kiyinish madaniyatiga taqlidning oldini olish hamda yoshlarda milliy kiyinish madaniyatini shakllantirish oʻzbekona kiyinish odoblari davomiyligini taʼminlash, oʻz navbatida, sogʻlom, barkamol va komil shaxslarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qidirish