Andijon mashinasozlik institutida yosh innovatorlarga oʻz loyihasini ishlab chiqish va bozorga olib chiqishda koʻmaklashish maqsadida “InnoX” biznes inkubatori loyihasining targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Unda Iqtisodiyot hamda Avtomobilsozlik fakultetlarining talabalari qatnashdi.
Tadbirda Iqtisodiyot fakulteti dekani Doniyorbek Sarimsoqov mamlakatimizda innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirishga hissasini qoʻshayotgan iqtidorli yoshlarning loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar haqida oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan soʻng, Andijon Yoshlar texnoparki direktori Shohruxbek Gʻulomov tomonidan biznes inkubator dasturining imkoniyatlari, afzalliklari, erishilgan natijalar va yutuqlar, kelgusi rejalar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, loyiha doirasidagi oʻquv kurslarida ishtirokchilar oʻz biznes loyihalarini rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha bepul tahsil olishi, bundan tashqari nafaqat oʻz loyihalarini toʻgʻri shakllantirish, balki grant tanlovlarida oʻz loyihalari bilan ishtirok etib, moliyalashtirish imkoniyatiga ega boʻlish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun, ushbu loyiha ishtirokchilarining eng yaxshi deb topilgan gʻoyalari uchun 1 milliard soʻmgacha subsidiyalar ajratiladi.