Rossiya Federatsiyasi Ufa davlat neft texnika universitetining Oktyabr shahridagi filiali hisoblangan Neft va gaz institutida “Neft va gaz biznesida zamonaviy texnologiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman oʻtkazildi.
Ushbu muhim ilmiy tadbirda Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi, shu jumladan Andijon mashinasozlik institutidan taniqli olimlar, institutning yetakchi hamkor korxonalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Anjuman avvalida Neft va gaz instituti direktori, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Vyacheslav Muxametshin hamda Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyevlar tabrik soʻzi bilan chiqish qildilar.
Anjuman davomida shoʻbalarga boʻlingan holda “Neft va gaz konlarini qidirish, oʻzlashtirish va ulardan foydalanish”, “Neft konlari mashinalari va uskunalari”, “Axborot texnologiyalari, matematika va tabiiy fanlar”, “Mexanika va muhandislik texnologiyalari”, “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” mavzularida ishtirokchilarning maʼruzalari tinglandi.
Institutimiz delegatsiyasi shu kuni anjuman doirasida Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasida mehmon boʻlib, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Renat Yusupovning ochiq darsida ham qatnashdilar.
Xalqaro anjuman doirasida koʻrgazma ham tashkil etilib, Oktyabr shahri, Boshqirdiston va Tatariston respublikalarining yetakchi korxonalari faoliyati namoyish etildi!
Bu esa yetakchi korxonalar vakillari bilan aloqa oʻrnatish uchun noyob imkoniyatini yaratdi.