Qalbida milliy gʻurur, ona yurt va xalqqa sadoqat tuygʻulari kamol topgan shaxslarni tarbiyalash ayni kunlarda har qachongidan muhim va ahamiyatli boʻlib turibdi. Oʻz vatanini, elini suygan, uning qadriyatlariga hurmat bilan qaragan yoshlardan chin vatanparvarlar, kasbiga sadoqatli kadrlar yetishib chiqadi.
Shu sababli ham yoshlar oʻrtasida milliy anʼana va qadriyatlarni targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Turli mafkuraviy xurujlardan himoyalanish, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyat, anʼanalarimizni asrab-avaylab, ularga amal qilib yashash muhim bugun ahamiyat kasb etadi. Zero, maʼnaviyatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri milliy qadriyatlarimiz hisoblanadi. Qadriyatlar oʻtmish bilan hozirgi kun oʻrtasidagi vorisiylikni taʼminlaydi.
Andijon mashinasozlik instituti tomonidan oʻtkazilgan “Milliy qadriyatlar kuni”da ham ayni shu masalalarga eʼtibor qaratildi.
Tadbirda xalqimizning asrlar davomida shakllangan oʻziga xos va mos boʻlgan urf-odatlari, madaniyati, milliy oʻyinlari namoyon etildi. Ayniqsa, arqon tortish, tosh koʻtarish, kurash, besh tosh, chillak oʻyinlari, kelin salom, laparlar, hunarmandchilik koʻrgazmalari tadbir ishtirokchilariga oʻzgacha kayfiyat ulashdi.