Rossiya Federatsiyasi Ufa davlat neft texnika universitetining Neft va gaz instituti neft va gaz sanoati uchun mutaxassislar tayyorlashning eng yaxshi anʼanalarini rivojlantirgan, zamonaviy talablar va amaliyotga javob beradigan mutaxassislarni xalqaro standartlarda tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Institutda 2000 nafardan ortiq Rossiyaning 30 dan ortiq mintaqalari hamda Qozogʻiston, Tojikiston, Xitoy, Iroq, Yaman, Misr, Angola, Kolumbiya va boshqa 16 tadan ortiq mamlakatdan kelgan talabalar tahsil oladi. Eʼtiborlisi, kunduzgi yoʻnalishda taʼlim oluvchi talabalarning 25% ni xorijliklar tashkil qiladi.
Andijon mashinasozlik instituti Ufa davlat neft texnika universiteti hamda uning filiali hisoblangan Neft va gaz instituti bilan ikki tomonlama oʻzaro tajriba almashish, ilmiy tadqiqot ishlarni olib borish, ilmiy loyihalarini tayyorlash kabi masalalar boʻyicha hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.
Toshkent shahrida “Ilmiy-texnika taraqqiyoti sharoitida oliy texnik taʼlim istiqbollari” mavzusida oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Rossiya muhandislik-texnika sohalariga ixtisoslashgan oliygohlar konferensiyasida Neft va gaz instituti bilan qoʻshimcha kelishuvga erishildi.
Unga koʻra, Andijon mashinasozlik institutida Kimyo va kimyoviy texnologiyalar qoʻshma kafedrasini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Kelishuvga koʻra, tomonlar oʻrtasida hamkorlik oʻquv, uslubiy va ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, intellektual, moddiy-texnikaviy imkoniyatlardan toʻliq va samarali foydalanish maqsadida teng huquqli va oʻzaro manfaatli munosabatlar orqali amalga oshiriladi.