Barcha davrlarda ham poraxoʻrlik, yulgʻichlik ildizini qirqish jamiyat va xalq farovonligi yoʻlidagi asosiy masala boʻlib kelgan. Korrupsiya har qanday mamlakat taraqqiyotini yemiradi, xalq hayotini izdan chiqaradi. Bu narsa hamisha adolat va haqiqat tantanasi yoʻlida gʻov boʻlib kelgan.
Bugungi kunda har bir davlat idorasi korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlmoqda. Turli targʻibot tadbirlari ham mazkur illatning ildizini yoʻqotishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Andijon mashinasozlik instituti Elektrotexnika fakulteti iqtidorli talabalari korrupsiyaning ayanchli oqibatlarini xalqimizga yetkazishning oʻziga xos yoʻlini topishdi. Targʻibotda insonlarning madaniyat oʻchogʻi boʻlgan teatr vositasidan foydalanishdi. Yaʼni, korrupsiya oqibatlari keng talqin qilingan pyesa namoyishini tashkil etishdi.
Taniqli dramaturg Qoʻchqor Norqobilning “Har narsaning javobi bor” dramasi asosida sahnalashtirilgan mazkur spektaklda korrupsiyaning ildizlari chuqur tahlil qilinadi. Eng muhimi, tomoshabinga hayotiy, jonli manzaralar orqali koʻrsatiladi.
Spektaklning oʻziga xos jihati shundan iboratki, taʼsirli voqealar ramziy ifodalar va odamlar orasidagi murakkab munosabatlar talqini orqali keng ochib beriladi.
Asar har qanday tomoshabinni biroz oʻylantiradi. Jamiyatda haddan ziyod talon-taroj avj olib, insonlar qalbida mehr-oqibat, halollikni ulugʻlash tuygʻulari soʻnib borayotganligi taʼsirli voqealar orqali talqin qilinadi. “Toʻgʻri” va “egri” yoʻldan yurishning oqibatlari hayotiy holatlar bilan koʻrsatiladi.
Spektakl kishilar hayotida, ayni kunda har qadamda duch kelayotgan korrupsiya, tanish-bilishchilik, nafsga qul boʻlish kabi illatlarni qoralaydi.