Yuqoridagi jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi, toʻgʻri va aniq oʻlchashlarni taʼminlovchi soha bu – metrologiyadir. Hozirgi davrda amalga oshirilayotgan barcha ilmiy loyihalar muvaffaqiyatida metrologiya sohasining oʻrni beqiyos. Metrologiya davr rivojlanishga taʼsir etar ekan, metrologiya sohasining oʻzi ham davrga hamohang tarzda muntazam taraqqiy etib boraveradi.
Andijon mashinasozlik institutida Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan “Zamonaviy sanoat ishlab chiqarish tarmoqlari va ilm-fan taraqqiyoti globallashuvida metrologiyaning zamonaviy muammolari va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman oʻtkazildi.
Andijon mashinasozlik instituti, Milliy metrologiya instituti Davlat muassasasi Andijon filiali, Qirgʻizistonning Oʻsh texnologiyalar hamda Qozogʻistonning Almati texnologiyalar universitetlari hamkorligida oʻtkazilgan anjumanda mazkur va boshqa oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, ishlab chiqarish korxonalari metrologlari, mustaqil izlanuvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Unda Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev, Qirgʻiziston Respublikasining Osh texnologiyalar universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Janbolot Tursunboyev, Xoʻjand politexnika instituti prorektori, professor Usmonjon Ahmedov, Rossiya Federatsiyasi Texnik universitetlar assotsiyatsiyasi vitse-prezidenti Aleksandr Shestakov, Milliy metrologiya instituti Andijon filiali rahbari Nurillo Patidinovlar soʻzga chiqib, anjuman mavzusi yuzasidan oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Anjumanda soʻnggi yillarda sifat infratuzilmasini xalqaro tamoyillar asosida rivojlantirish hamda koʻrsatilayotgan metrologik xizmatlar sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijobiy natijalari qayd etildi. Shuningdek, metrologiyaning bugungi iqtisodiyotimizdagi oʻrni, mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, yutuq va muammolar hamda amaliy ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarish xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirish, amaliyotga ilgʻor tajribalarni joriy etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Shoʻbalar doirasida oʻtkazilgan munozaralarda turli korxonalaridan kelgan mutaxassislar, olimlar tomonidan metrologiyaning bugungi kundagi muammoli masalalarini muhokama qilinib, ilmiy izlanishlar samaradorligi tahlil qilindi. Erishilgan yutuqlar boʻyicha tajriba almashinib, doʻstona aloqalar oʻrnatish imkoniga ega boʻlindi.
Anjuman soʻnggida faol ishtirokchilar metrologiya sohasida yutuqlarga erishayotgan va ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borayotgan bir qator professor-oʻqituvchilar va talabalar institutning faxriy yorligʻi va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.