Bugungi kunda taʼlim tizimini isloh qilishda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT-parklar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Oliy taʼlim tizimida talaba-yoshlarga imkoniyatlar yaratib berish, ularning yangilik yaratishlari va amaliyotga tatbiq qilishlari uchun shart-sharoitlarini toʻgʻrilash boʻyicha bosqichma-bosqich amaliy ishlar boshlangan.
Xususan, Andijon mashinasozlik instituti qoshida “Inkubatsiya markazi” tashkil etilgan.
Ushbu markazda talabalar oʻz gʻoyalari va loyihalarini toʻsiqlarsiz amalga oshirishlari mumkin. Buning uchun markaz zamonaviy oʻquv xonalari va kompyuterlar hamda barcha zarur AKT jihozlari bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh ijobiy tashabbusning ijrosi taʼminlash, shuningdek talabalarning darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida markazda bepul oʻquv kurslar tashkil etildi. Unda talabalarga malakali mutaxassislar tomonidan 3d Max, Grafik dizayn (Photoshop), Robototexnika, Sunʼiy intellekt, Kompyuter savodxonligi hamda Mobilografiya yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy kasblarning boshlangʻich sir-asrorlari oʻrgatib kelinmoqda.
Kuni kecha uch oy davom etgan bepul oʻquv kurslarining ikkinchi mavsumi yakuniga yetdi. Unda uch oy davomida ellikka yaqin talabalar yetuk mutaxassislardan bilim va tajribalarni egalladilar.
Bugun oʻquv jarayonlarining yakuniga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda tinglovchilar oʻzlari amalga oshirgan loyihalari boʻyicha taqdimotlarini oʻtkazishdi.
Tantanali tadbirda institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev ishtirok etib, oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. Yoshlarning kelgusidagi ishlariga omad va zafarlar tiladi.
Tadbir yakunida tinglovchilarga oʻquv kurslarini tamomlaganligini tasdiqlovchi sertifikat hamda ularning ota-onalariga Tashakkurnomalar topshirildi.