Davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-noyabrdagi “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti talabalar oʻrtasida kibersportning Counter Strike turi boʻyicha “Instituti kubogi” turniri oʻtkazilmoqda.
Axborot texnologiyalari boʻyicha prorektori hamda Yoshlar Ittifoqi boshlangʻich tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan turnirda barcha fakultetlaridan umumiy eng kuchli 32 ta jamoasi ishtirok etdi.
Joriy yilning 14-may kuni oʻtkazilgan nimchorak final bahslari boʻlib oʻtdi. Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniy natijalariga koʻra, Elektrotexnika fakultetining “Imkon”, Avtomobilsozlik fakultetining “TNT”, “Black Lion”, “Zero”, Iqtisodiyot fakultetining “Comeback”, “Buxgalteriya”, Mashinasozlik texnologiyasi fakultetining “Mash tex” va Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetining “IB va KT” jamoalari oʻz raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, turnirning chorak final bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Chorak final bahslari joriy yilning 21-may kuni soat 09:00 da Avtomobilsozlik fakultetidagi Incubation markazida boʻlib oʻtadi.
Eslatib oʻtamiz, turnir davomida faol ishtirok etgan hamda yuqori natijalarga erishgan 10 nafar kibersportchilar institut terma jamoasi safiga qabul qilinadi. Ular xalqaro hamda respublika miqyosidagi kibersport turnirlarida institutimiz shaʼnini himoya qilishadi.