Yangiliklar

Image

Institutda oʻtkazilgan “Ochiq eshiklar kuni”da 5 mingdan ortiq oʻquvchilar qatnashdi

Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish, oʻzlari istagan kasblarga yoʻnaltirish, institut imkoniyatlarini kengroq namoyish etish maqsadida Andijon mashinasozlik institutida “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri oʻtkazildi.

Unda besh mingdan ortiq viloyatimizdagi umumtaʼlim maktablari, professional taʼlim muassasalari bitiruvchi oʻquvchilari, abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Ularga institut tashkil etish tarixi, bugungi kundagi faoliyati, taʼlim tizimi, oʻquv dasturlari, mavjud yoʻnalishlar, talabalarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, boshqa mavjud qulayliklar, bilim dargohida taʼlim berayotgan pedagoglar salohiyati hamda abituriyentlarni qabul qilish tartiblari xususida keng maʼlumotlar berildi. Shuningdek, diplom olgach ularni qanday kasbiy faoliyat istiqbollari kutayotgani haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Mehmonlar Avtomobilsozlik fakulteti binosida mavjud laboratoriyalar, talabalarning startap loyihalarini ishlab qichishga qaratilgan Inkubatsiya markazi, dars mashgʻuloti xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Oʻquv jarayonlari (maʼruza, amaliy va laboratoriya) bilan tanishish bilan birga, dars mashgʻulotlarida, ayniqsa laboratoriya ishlarida ham bevosita ishtirok etishdi.

Bundan tashqari ishtirokchilar institutning taʼlim jarayonidan tashqari talabalar turar joyidagi sharoitlar, institutda talabalar bilan oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va joriy etilgan nomdor stipendiyalar haqida maʼlumotlarga ham ega boʻlishdi.

Maktab oʻquvchilarida institut hovlisida kafedralar professor-oʻqituvchilari tomonidan oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlar, ularning ilmiy yutuqlari aks etgan koʻrgazmalar katta qiziqish uygʻotdi.

Kun davomida institutning iqtidorli va isteʼdodli aʼzolari tomonidan madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham oʻtkazildi.

Qidirish