Andijon mashinasozlik institutida bitiruvchi bosqich talabalarini bandligini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!” shiori ostida “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv mehnat yarmarkasi oʻtkazildi.
Andijon viloyati hokimligi, viloyat bandlik va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi, “Oʻz-avtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va boshqa davlat hamda nodavlat korxonalar hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada vodiy viloyatlarida faoliyat yuritayotgan ellikka yaqin ishlab chiqarish korxonalari hamda tijorat banklari ishtirok etdi.
Yarmarkada soʻzga chiqqanlar intiluvchan va gʻayratli yoshlarning saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etib, kelgusida boʻlajak kadrlarning sanoat va iqtisodiyot yoʻnalishida oʻz oʻrniga ega boʻlib yetishishida muvaffaqiyat tiladi.
Ish beruvchi korxona va tashkilotlar masʼul xodimlari oʻz faoliyatini yorituvchi koʻrgazmali jihozlar va ikki yuzdan ortiq boʻsh, yuzga yaqin zaxira ish oʻrinlari bilan faol qatnashdi.
Tadbir doirasida tashkilotchilar va mutaxassislar tomonidan talabalar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimini oshirish, ishga joylashish, mehnat va maishiy-madaniy sharoitlar, ish haqi miqdorlari borasida bevosita muloqotlar oʻtkazildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytarildi.
“Andijon mashinasozlik instituti bilan ikki tomonlama doimiy hamkorlik qilib kelamiz. Misol uchun, joriy oʻquv yilining oʻzida yuzga yaqin talabalar korxonamizda amaliyot oʻtadi. Ayni paytda yigirmaga yaqin boʻsh ish oʻrinlarimiz mavjud. Bugungi yarmarkada ushbu ish oʻrinlarimizda ellikdan ortiq bitiruvchilar ishlash istagini bildirishdi. Ularning rezyumelari olib qolindi. Oʻylaymizki, tez orada eng malakali bitiruvchilar bizning safimizga qoʻshilishadi”,-deydi Fargʻona viloyatidagi “Avtooyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati xodimlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Oybek Abduhamidov.
Ishonchimiz komil, “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida ishtirok etgan talabalar olgan takliflar ularning kelajakdagi kasbiy oʻsishida navbatdagi omadli qadam boʻlib qoladi.