Andijon mashinasozlik institutida umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida Informatika va axborot texnologiyalari fani boʻyicha olimpiadaning viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan olimpiadada hududiy bosqichlarda gʻolib boʻlgan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarining 11-sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.
“Mazkur olimpiada ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab oʻquvchilarning fan boʻyicha bilimlari test orqali sinovdan oʻtkazildi. Testdan 70 balldan yuqori toʻplagan talabgorlar yozma ish orqali savollarga javob berishdi”,- deydi institut axborot texnologiyalari boʻyicha prorektori Murodjon Sherboyev.
Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosalariga koʻra, Andijon shahridagi 30-umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi Muhammadali Mirzaaxmatov birinchi oʻrinni egallab, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Marxamat tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabi 11-sinf oʻquvchisi Gʻayratbek Toshmuhammedov hamda Qoʻrgʻontepa tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabi Nurmuhammad Maʼmirovlar ikkinchi va uchinchi oʻrinlarga sazovor boʻlishdi.
Ushbu gʻolib-oʻquvchilar birinchi oʻquv yili uchun toʻlov oliy taʼlim muassasasining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz talabalikka qabul qilinadilar.