Yangiliklar

Image

Muhandislar maktabi tashkil etiladi

8-may kuni Prezident Administratsiyasi departament rahbari Odil Abdurahmonov raisligida muhandislik-texnik sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari rektor va direktorlari ishtirokida vazirlikning kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi. 

Unda joriy yil 6-may kuni Prezident huzurida oliy taʼlim yoʻnalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish boʻyicha oʻtkazilgan taqdimot natijalari yuzasidan berilgan topshiriqlar hamda bu borada vazirlik hamda oliy taʼlim muassasalarining oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, muhandislik-texnik sohasida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash jarayonlaridagi mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda oliy taʼlim muassasalari rektorlarining muhandis kadrlarni tayyorlashda taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi kabi masalalar yuzasidan hisobotlari tinglandi.Jumladan Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev institut qoshida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Muhandislar maktabi”ni tashkil etish va amalga oshirish yuzasidan taqdimot qildi.

Mazkur Muhandislar maktabida muhandislik sohasiga qiziquvchi yoshlar “Maktab-texnikum-institut-ish beruvchi” integratsiyasi asosida oʻqitiladi. Birinchi bosqichda Andijon shahri, Asaka va Xoʻjaobod tumanlaridagi umumtaʼlim maktablarida tahsil oluvchi 7-8-9-sinf oʻquvchilar saralab olinib, maxsus sinflar tashkil etiladi. Ushbu sinflarda muhandislik sohasiga oid fan(matematika, fizika, informatika, xorijiy til)lar hajmi oshiriladi. Oʻquvchilar uchun haftaning bir kunida dars mashgʻulotlari ishlab chiqarish korxonalari yoki Andijon mashinasozlik institutida tashkil etiladi.

Qidirish