9-may. Andijon shahridagi Xotira xiyoboni har doimgidan gavjum. Bu yerga Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, taʼlim muassasalari rahbar-xodimlari, oʻqituvchi va talabalari, nuroniylar, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari jam boʻlgan. Jumladan, Andijon mashinasozlik instituti professor-oʻqituvchilari hamda talabalari ham.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qoʻydi va Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Tadbirda soʻz olganlar tomonidan Ikkinchi jahon urushida Andijon viloyatidan qatnashgan 97 ming nafardan ziyod yigitlarning Vatan, uning erki va ozodligi yoʻlida qancha-qancha mard va jasur vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilgani taʼkidlandi. Ularning qahramonliklari, koʻrsatgan jasoratlari hech qachon unutilmasligi qayd etildi va ularning porloq xotiralari yodga olindi.
Qayd etish lozim, yurtimizda Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirlanadi, oʻtganlar ruhi yod etiladi. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Bayram tadbirlari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.