Andijon mashinasozlik institutida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan sportning minifutbol turi boʻyicha xotira turniri oʻtkazildi.
Transport va logistika fakulteti Transport vositalari muhandisligi kafedrasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur turnir kafedrada uzoq yillar mehnat qilgan katta oʻqituvchilar Qobil Mirkomilov hamda Qosimjon Soliyev xotirasiga bagʻishlandi.
Talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini taʼminlash va iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida oʻtkazilgan bellashuvlarda 2-son talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalardan iborat jamoalar ishtirok etdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, “Orol” jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. “Avtomobilsozlik” hamda “Logistika” jamoalari esa sovrindorlar qatoridan joy egallashdi.
Turnir yakunida gʻoliblar kubok va sovrindorlarga homiylarning diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.