Yangiliklar

Image

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yoʻqlandi

Bugungi kunda Andijon viloyatida besh nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi el-yurt ardogʻida hayot kechirmoqda. Ulardan biri Andijon shahrining 1- kichik dahasida yashovchi, tibbiyot fanlari nomzodi Aleksandr Vasilevskiydir.
Aleksandr Vasilevskiy asli Ukrainaning Vinnitsa oblastida tugʻilib oʻsgan. Fashistlar 1941-yilning avgust oyida u yashayotgan qishloqni bosib olib, qishloq aholisini, hatto, bolalar, ayollar va keksalarni konslagerda saqlagan. Jumladan, Aleksandrning onasi, ikki singlisi va ukasi ham ana shu lagerda saqlangan. Konslagerdagi qiyinchilik, azob-uqubatlardan u yerda saqlanayotganlarning aksariyati oʻlib ketdi. Urush tugagach, Aleksandr maktabni bitirib, Andijonga kelib tibbiyot institutiga oʻqishga kirgan.


Bu yerda Aleksandr institutni muvaffaqiyatli tamomlaydi. Soʻng 1- shahar shifoxonasi urologiya boʻlimiga ishga kiradi. Umuman, uning keyingi hayoti Oʻzbekiston, xususan, Andijon bilan chambarchas bogʻlanib ketdi. Andijonda oila qurdi, farzandlar koʻrdi. Tibbiyot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi sifatida, qolaversa, oʻzining yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt orasida hurmat-eʼtibor topdi.


Bayram arafasida Andijon mashinasozlik instituti Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakulteti tyutorlari hamda talabalari Aleksandr Vasilevskiyga xonadoniga borib, uni bayram bilan tabriklashdi. Uchrashuv davomida talabalar qahramonimizning suhbatidan bahramand boʻlishdi.
«Koʻpchilik odamlar Oʻzbekistondan koʻchib ketishdi. Agar menga ham yomon boʻlganida koʻchib ketardim, lekin men bu yerni, shu odamlarni yoqtirib qolganman. Oilamiz hech qayoqqa ketmaydi. Bizning ildizimiz shu yerda. Bu – bizning kichik Vatanimiz”,- deydi Aleksandr Vasilevskiy.

Qidirish