Andijon mashinasozlik instituti hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filiali oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga koʻra, ikki tomonlama bir qator kelishuvlarga erishildi.
Bugun institut Elektrotexnika fakulteti dekani Doniyorbek Alijonov, Muqobil energiya kafedrasi mudiri Mashʼalbek Yoʻlchiyev hamda institut marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi boshligʻi Muhammadali Maribjonovlar Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filialida boʻlishib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Filial maʼmuriyati bilan oʻtkazilgan uchrashuv davomida “Oliy taʼlim — ilm-fan — ishlab chiqarish” integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi hamda talabalar amaliyot oʻtash uchun sharoitlar yaratish va boshqa masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Shunga asosan oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Unga koʻra, bakalavriat yoʻnalishlari ixtisosliklari fanlarining nazariy qismini mustahkamlash uchun bevosita ishlab chiqarish sharoitlarida talabalar malakaviy amaliyotini amalga oshirish, korxonaning mutaxassislar tayyorlash sifatiga boʻlgan talablarini bevosita taʼlim mazmunini shakllantirishda institut professor-oʻqituvchilari tomonidan tizimli oʻrganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilish, rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilgʻor tajribasini oʻrgangan hamda korxonaning mutaxassislarga boʻlgan talabidan kelib chiqqan holda oʻquv rejalari, fan dasturlari, oʻquv adabiyotlari, shu jumladan oʻquv-metodik komplekslarni xalqaro standartlar asosida, zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqilishi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilishni oʻzaro hamkorlikda amalga oshirish belgilandi.
Shuningdek, shartnomada korxonani istiqbolli rivojlantirish dasturini hisobga olib, oliy malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojini yillar kesimida aniq manzilli, taʼlim yoʻnalishi hamda mutaxassisligini koʻrsatgan holda, balans beradigan hisob-kitoblar asosida ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda bajarish va qoʻllash koʻzda tutilgan.