Bitiruvchi sinf oʻquvchilarining har biri oʻqishni oliy taʼlimda davom ettirishni istaydi. Oʻsmir borki kelajagi porloq boʻlib, bilimli, ziyoli boʻlishni, davr talabiga mos boʻlgan (yoshlar tili bilan aytganda: trendda boʻlgan) kasbni egallash orzusida boʻladi. Zero kasb tanlash – har bir inson hayotidagi eng muhim tanlovlardan biri. Kasb – nafaqat daromad topish manbayi, balki umrning asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir.
Andijon mashinasozlik instituti yoshlarga bugungi kunimizning eng dolzarb boʻlgan bir qator kasblarini egallashlarida yaqin koʻmakchi boʻla oladi.
Bugungi oʻtkazilgan Ochiq eshiklar kuniga oʻz ustozlari bilan tashrif buyurgan Boʻston tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchilar ana shu savolga javob oldi.
Oʻquvchilarga institut, unda yaratilgan sharoitlar, mavjud qulayliklar, oʻqitiladigan mutaxassisliklar, bilim dargohida taʼlim berayotgan pedagoglar salohiyatlari borasida maʼlumot berildi.
Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya xonalari, u yerda oʻtkazilayotgan amaliy mashgʻulotlar maktab oʻquvchilarda qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, oʻquvchilar institut axborot-resurs markazi, faollar zali, sport majmuasida ham boʻldi.