Soʻnggi yillarda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, faol talabalarni ragʻbatlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab oliy taʼlim muassasalari talabalari va umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilarini kitob mutolaasiga jalb qilish, ularning badiiy savodxonligini oshirish maqsadida “Maʼrifat ulashib” loyihasi oʻtkazilmoqda.
Loyihasi doirasida zamondosh shoir va yozuvchilar, adabiyot dargʻalarining taʼlim dargohlarida yoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etilmoqda.
Shunday madaniy-maʼrifiy tadbirlardan biri kuni kecha Andijon mashinasozlik institutida oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Oʻzbekistonda xalq yozuvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Muhammad Ali va taniqli ijodkorlar Habib Siddiq, Humoyun Akbarov hamda Xurshida Qoʻchqorovalar ishtirok etdi.
Dastavval mehmonlar institut faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, Axborot resurs markazi tomonidan tashkil etilgan kitob yarmarkasini koʻzdan kechirdilar. Bundan tashqari adiblar ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida institutda yaqinda bunyod etilgan Sport majmuasi hududida manzarali koʻchatlar ekildi. Ushbu koʻchatlarga ijodkorlarning nomi berildi.
Shundan soʻng talaba-yoshlar oʻrtasida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda talabalar bilan birga Oltinkoʻl tumanidagi jami 49ta umumiy oʻrta taʼlim maktabining oʻqituvchi va oʻquvchilari onlayn tarzda qatnashdilar.
Tadbirda yoshlarni badiiy adabiyotga oshno qilish orqali ularda vatanparvarlik fazilati va shu yurtga daxldorlik hissini oshirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda ijodkorlarning ibratli hayot yoʻli, ijodi, sheʼriy toʻplamlari, tarjimalari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, badiiy ijod mashaqqatlari, bugungi adabiy jarayon, unda yoshlar masalasi, chop etilayotgan yangi asarlar, yosh qalamkashlar ijodi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Maʼrifatchilar Prezidentimiz tomonidan adabiyotga, maʼnaviyatga berilayotgan eʼtibor haqida soʻz yuritib, adabiyot va maʼrifat millatni yuksaklarga koʻtarishini alohida taʼkidlashdi. Jadid bobolarimiz maqsadi, harakati, shijoati, yurt uchun qilgan fidokorligi haqida taʼsirchan fikrlar bayon etishdi. Ijodkorlar talabalarning yashash sharoiti, orzu-intilishlari bilan qiziqib, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berdilar.
Uchrashuv qatnashchilari xalqimiz eʼzozidagi bugungi adabiyotimizning otaxon ijodkorlaridan boʻlgan shoirni oʻzlari uchun qaytadan kashf etdi. Talabalar sevimli ijodkoridan dastxatlar olishdi. Esdalik uchun suratga tushishdi. Yuzma-yuz ijodiy muloqot qiziqarli lahzalarga boy boʻldi.
Mehmonlar oʻz dastxatlari tushirilgan asarlarini institut kutubxonasiga hamda faol talaba-yoshlarga tuhfa qildi.
Loyiha doirasida ijodkorlar Andijon mashinasozlik instituti prorektorlari, professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda Oltinkoʻl tumanidagi 9- hamda 10-umumtaʼlim maktabida ham boʻlishib, oʻquvchilar bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazdi. Ochiq, samimiy va mulohazalarga boy oʻtgan suhbatlar jarayonida mehmonlar oʻz ijodidan namunalar oʻqib berdi. Oʻquvchilarning sheʼriy mashqlari ham tinglandi. Iqtidorli, faol va ijodkor yoshlarga badiiy kitoblar tuhfa qilindi.
Kech oqshom institutning 1-son talabalar turar joyida gulxan yoqilib, adabiy mushoira tashkil etildi. Unda Vatan va ona xalqqa sadoqat tuygʻusi ulugʻlangan eng sara sheʼrlar ijodkor talabalar tomonidan oʻqildi. Tadbirda Iqtisodiyot fakulteti dekan oʻrinbosari Otabek Odilov hamda Mashinasozlik texnologiyasi 4-bosqich talabasi Hamidullo Akbarovlar tomonidan ijodkorlarning sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar yangradi.
- Loyiha doirasida bir hafta davomida talabalar ishtirokida adiblar hayoti va ijodi yuzasidan “Mushoira kechasi”, “Munozara” debat bellashuvlari, “Zakovat” intellektual oʻyinlari, onlayn viktorina va boshqa bir qator adabiy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi, — deydi institut yoshlar bilan ishlash, Maʼnaviyat-maʼrifat boʻlimi boshligʻi Muhtaramxon Haliqova. – Bu esa talabalarimizning adabiyotga, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi. Oʻylaymanki, loyiha davomida olgan maʼnaviy ozuqa yoshlar qalbida uzoq yillar saqlanib qoladi.
Uygʻoq qalb va teran tafakkur sohiblari boʻlmish ijodkorlar bilan oʻtkazilgan ijodiy uchrashuvlardagi maʼruzalar, samimiy muloqotlar yoshlarga vatanparvarlik hislarini singdirish, ularda yot gʻoyalarga nisbatan immunitet shakllantirishga xizmat qiladi.