Yangiliklar

Image

“Amir Temur izdoshlari” intellektual tanlovi oʻtkazildi

Andijon mashinasozlik institutida “Amir Temur izdoshlari” intellektual tanlovi oʻtkazildi.

Unda viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 7-11-sinf oʻquvchilaridan iborat tuman va shahar bosqichlarida gʻolib boʻlgan oʻn oltita jamoa ishtirok etdi.

Tanlov Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Mudofaa ishlari boshqarmalari, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, Andijon mashinasozlik instituti hamda “Zakovat” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorligida tashkil etildi.

Ishtirokchilar bellashuv davomida Boʻriboy Ahmedovning “Amir Temur”, Nurali Qobulning “Qalb qasrining sultoni”, Jumaboy Rahimovning “Adolat va qudrat timsoli”, Marsel Brionning “Menki, Sohibqiron – Jahongir Temur” Hamdam Sodiqovning “Amir Temur saltanatida xavfsizlik xizmati” tarixiy romanlari hamda Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi boʻyicha oʻzining bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. 

Ikki tur davom etgan intellektuallar bahsi qizgʻin va ajoyib lahzalarga boy oʻtdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Andijon tumanidagi 10-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatining “Temuriylar” jamoasi birinchi oʻrinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Qoʻrgʻontepa tumanidagi 50-umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Parvoz” va Buloqboshi tumanidagi 55-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining “Erudit” jamoalari esa ikkinchi va uchinchi oʻringa sazovor boʻlishdi.

Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Qidirish