Xabar berganimizdek, Belarus Respublikasining Minsk shahrida birinchi Oʻzbekiston -Belarus professional taʼlim forumi oʻtkazilmoqda.
Unda Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev ham ishtirok etmoqda.
Mazkur forum davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, jumladan professional taʼlim muassasalari tizimini rivojlantirish muhokama qilinmoqda.
Forum doirasida bir qator Belarus oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Jumladan, institut rektori Umid Turdialiyev Pushkin nomidagi Brest davlat universiteti rektori Yuriy Golubev bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tenglik va oʻzaro asosda akademik va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida ikki oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga asosan kelgusi besh yil davomida institutning kadrlar tayyorlash salohiyatini yanada boyitishga qaratilgan. Jumladan ilmiy-pedagogik xodimlarning stajirovka, malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash shaklida akademik harakatchanligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ikki tomonlama akademik harakatchanlikni rivojlantirish maqsadida aspirantlar, magistrantlar va talabalar almashinuvi oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, birgalikdagi tadqiqotlar va maslahat faoliyatini amalga oshirish, oʻquv, uslubiy va ilmiy adabiyotlarni birgalikda tayyorlash va nashr etish va boshqalar belgilangan. Bundan tashqari universitet bilan hamkorlikda Andijon mashinasozlik instituti qoshida Rus tili markazi tashkil etiladi.