Yangiliklar

Image

Yurakka ko‘milar asl shoirlar

Sheʼriyat muxlislari uchun Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodi gʻoyat qadrlidir. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida shoir tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.


Andijon mashinasozlik institutida ham “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida shoir tavalludiga bagʻishlangan maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbir avvalida soʻzga chiqqan institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev keyingi yillarda milliy adabiyotimiz rivojiga qaratilayotgan eʼtibor ijod ahlini yanada faolroq mehnat qilishga undayotgani, bu jarayonda soʻz sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan ustozlar ijodini kengroq targʻib etish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani taʼkidladi.

Adabiy uchrashuvda soʻzga chiqqan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, yozuvchi Nurillo Chori, Orif Meliyev va boshqalar Muhammad Yusuf ijodi, uning badiiy qiymati, tarbiyaviy ahamiyati xususida oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbirda ijodkorning oʻz sheʼrlarida ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga boʻlgan boʻlgan umid va ishonchini oʻz ovozi, oʻz sozi bilan joʻshib kuylagani eʼtirof etildi. Ayniqsa, uning vatanparvarlik, millatsevarlik mavzusidagi sheʼrlari har bir oʻzbekning yuragidan mustahkam joy olgan taʼkidlandi.

Oʻzining sodda va goʻzal misralari bilan xalq hurmati va ehtiromini topgan shoir bugun oramizda yoʻq boʻlsa-da, uning nomi, ijodi tillarda doston, sheʼrlari esa minglab qalblarga quvonch, samimiyat, maʼnaviy goʻzallik ulashayotgani bot-bot qayd etildi.

Maʼnaviyat tadbirida ijodkor va havaskor yoshlar tomonidan shoir sheʼrlaridan namunalar, shuningdek, shoirga atab yozilgan sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar tomonidan kuylangan qoʻshiqlar yangradi.

Qidirish