Yangiliklar

Image

Ilmiy-amaliy anjuman haftaligi hamda fan olimpiadalari gʻoliblari taqdirlandi

Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakultetida “Yangi Oʻzbekistonning istiqbolli yoshlari” mavzusida oʻtkazilgan talabalar ilmiy-amaliy anjuman haftaligi yakuniga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Mazkur anjuman Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi ijrosini taʼminlash, talabalarning olib borgan ilmiy-ijodiy izlanishlari va tadqiqotlari natijalarini keng targʻib etish, ularning ilm-fan rivoji yoʻlidagi ezgu intilishlarini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, talabalarda jamoa boʻlib ishlash koʻnikmasini shakllantirish, fikrini erkin bayon qilish hamda oʻz iqtidorini namoyon etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi, bu esa oʻzining ijobiy samarasini berayotganligini taʼkidladi. Shuningdek, 2023-yilda ilk marotaba oʻtkazilgan talabalar ilmiy-amaliy anjuman haftaligi anʼanaga aylanib ulgurganligi, joriy yilda bunday tadbirlarni bahor va kuz mavsumida oʻtkazish rejalashtirganligini bildirdi.

Qayd etish lozim, haftalik doirasida ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi bosqichlarda tahsil olayotgan mingdan ortiq talabalar ishtiroki etdi. Qatnashchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha qiziqarli maʼruza va maʼlumotlar tayyorlab, dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy muammolar boʻyicha bahs-munozaralar uyushtirdilar. Talabalar tomonidan ijobiy baholangan maʼruzalar mualliflari gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.

Tadbir yakunida talabalar ilmiy-amaliy anjuman haftaligi, Fizika, kimyo va oliy matematika fanlari olimpiadalari gʻoliblari va faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Qidirish