Yangiliklar

Image

Orzu-havasning ham meʼyori boʻlgani yaxshi

Toʻy inson umrining eng esda qoladigan fasli, bebaho onlaridir. Ota – ona bir umr oʻzi yemay – ichmay farzandi uchun yigʻinadi. Necha yillab orzu qilganlari roʻyobi farzandining baxtli onlarini koʻrganida yuzaga chiqadi, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Orzu – havaslarning boʻlgani yaxshi, ammo ana shu orzu-havaslarni roʻyobga chiqarishga biroz qiynalib, diqqat boʻlib qolayotgan oilalar ham yoʻq emas. Toʻy berish orqali oʻzini koʻrsatish ortiqcha sarf-xarajat va chiqimlarga yoʻl qoʻyish kabi noxush hodisalar esa har qanday kishi dilini ranjitadi.

Andijon mashinasozlik instituti Axborot resurs markazida professor-oʻqituvchi ayollar va talaba qizlar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida aynan ushbu masalalarga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Respublika maʼnaviyati targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, institut Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi Muhtaramxon Haliqova, Respublika maʼnaviyat- maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari oʻrinbosari Nafisaxon Maraximova, Andijon viloyati bosh Otinoyisi Shoiraxon Qosimova, profilaktika inspektori Izzatillo Qahhorovlar ishtirok etdi.

Muloqot davomida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorida marosimlarni oʻtkazishga qoʻyilgan talablar haqida maʼlumot berildi.

Qizgʻin savol-javob tarzida davom etgan suhbat davomida talabalar oʻzlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Qidirish