Yangiliklar

Image

Xalq mehrini qozongan shoir

Muhammad Yusuf oʻz ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga boʻlgan umid va ishonchini oʻz ovozi, oʻz sozi bilan joʻshib kuylagan. U shu xalq bilan kuldi, shu xalq bilan yigʻladi, uning bilan yondi. Bir joʻmard oʻgʻlidan eʼzoz topgan ona yurt ham uni boshiga koʻtardi, bagʻrida ardoqladi, yozganlarini vatanparvarlik va millatsevarlik yoʻlida bayroq qildi. 

Shoirning sodda, samimiy va rost soʻz aytish iqtidori, aytganda ham hech kimga oʻxshamaydigan, oʻqiganda yodingizga, kuylaganda tilingizga oʻrnashib, darrov qadrdon boʻlib qoladigan misralari uning sheʼrga ilohiy eʼtiqod qoʻyib yashaganidan nishona. 

Andijon mashinasozlik instituti Axborot-resurs markazida Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti talabalari ishtirokida el suygan ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bagʻishlanib, “Xalq mehrini qozongan shoir” adabiy tadbir oʻtkazildi. 

Muhammad Yusuf hayoti va ijodi, ayniqsa, uning yurtni, yuksak insoniy fazilatlarni ulugʻlovchi betakror satrlari xalqimiz qalbidan mustahkam joy olganligi, shoir sheʼrlari xalqimiz, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, yurtga fidoyilik tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. 

Tadbirda ijodkor va havaskor talaba yoshlar tomonidan shoir sheʼrlaridan namunalar, shuningdek, shoirga atab yozilgan sheʼrlar oʻqildi.

Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bagʻishlangan bu kabi adabiy tadbirlar institutning barcha fakultetlarida oʻtkazilmoqda.

Qidirish