Yangiliklar

Image

Jizzahdagi “ADM Jizzakh” hamda “BYD Factory Uzbekistan” avtomobil zavodlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻydi

Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev Jizzax viloyatida xizmat safarida boʻldi.

Safar chogʻida rektor viloyatdagi “ADM Jizzakh” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamda “BYD Factory Uzbekistan” qoʻshma korxonasida boʻlib, ushbu avtomobil zavodlari faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni va xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va talablarni oʻrgandi.

Shundan soʻng korxonalar rahbariyati bilan hamkorlik masalalari boʻyicha muhokama va muzokaralar oʻtkazildi. Muzokaralar davomida institut talabalarining amaliyoti, professor-oʻqituvchilar uchun stajirovkalar tashkil etish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, “ADM Jizzakh” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Andijon mashinasozlik instituti talabalari amaliyotini tashkil etish yuzasidan Shartnoma imzolandi. Endilikda mazkur shartnomaga muvofiq institut talabalari ishlab chiqarish amaliyotini ushbu korxonada oʻtashlari mumkin boʻladi.

Bundan tashqari taʼlim dasturlarini ishlab chiqarish talablariga moslashtirish, boʻlajak kadrlarga boʻlgan kasbiy va malakaviy talablar hamda ehtiyoj hajmini kompaniyalar takliflari va tajribalari asosida shakllantirish maqsadida “BYD Factory Uzbekistan” qoʻshma korxonasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumga asosan korxona Institutning oʻquv jarayoniga ilgʻor texnologiyalar, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga koʻmaklashish, tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni 2-bosqichdan boshlab kompaniyaning tegishli muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda oʻtkazilishini, shuningdek ularning amaliy mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish belgilandi.

Shuningdek, professor-oʻqituvchilar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot salohiyati va faoliyatidan kompaniya tomonidan unumli foydalangan holda ularni rivojlantirishga koʻmaklashish, amaliy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida taʼlim jarayoniga kompaniyaning malakali mutaxassislarini jalb qilish va xuddi shunday maqsadlarda Kompaniyaga Institutning yetakchi professor-oʻqituvchilarini jalb qilish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari ilmiy-tadqiqot loyihalarida birgalikda ishtirok etish, oʻquv-metodik, ishlab chiqarish ishlarida oʻzaro ilmiy-amaliy tajriba almashish, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha masofaviy oʻqitishni tashkil etish, mutaxassislarga boʻlgan talabidan kelib chiqqan holda oʻquv rejalari, fan dasturlari, oʻquv adabiyotlari, shu jumladan oʻquv-metodik komplekslarini xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasasi bilan kelishilgan holda xalqaro standartlar asosida, zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqilishi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilishni oʻzaro hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Qidirish