Yangiliklar

Image

Omon Matjon: “Avvalgilarga oʻxshamas”

Andijon mashinasozlik instituti Mashinasozlik texnologiyasi fakultetida Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon hayoti va ijodiga bagʻishlashgan “Avvalgilarga oʻxshamas” mavzusida adabiy-maʼrifiy kecha oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Orif Meliyev hamda Durbek Qoʻldoshev, institut yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Muhtaramxon Haliqova, fakultet professor-oʻqituvchilari, ilgʻor va isteʼdodli talabalar, adabiyot shinavandalari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan shoirlar ijodiga mansub sheʼr va qoʻshiqlar ijro etildi, sahna koʻrinishlari namoyish qilinib, yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Adabiy kechada shoirning hayot va ijod yoʻli, sheʼr va dostonlarining ahamiyati, uning sheʼri bilan kuylanib, xalqimizning koʻngil mulkiga aylanib ketgan qoʻshiqlari xususida batafsil soʻz yuritildi. Uning “Umr oʻtar…”, “Tabassum qil”, “Mening kimligimni el bilsa boʻldi”, “Avvalgilarga oʻxshamas” kabi sheʼrlari xalqimizning mashhur sanʼatkorlari tomonidan kuylanib, milliy qoʻshiqchiligimiz durdonasiga aylangani aytildi.

Shuningdek, ijodkorning insoniy fazilatlari, nihoyatda nozik fikrlaydigan, toʻgʻri soʻz, halol va bagʻri keng inson boʻlganliklari eʼtirof etildi.

Tadbirda adabiy jarayonda faol ishtirok etib, oʻzidan ezgu nom va bezavol ijodiy meros qoldirgan, oʻzbek adabiyoti rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan koʻhna Xorazm elining zabardast shoiri Omon Matjon ijodi barcha adabiyot ixlosmandlari qalbidan chuqur joy egallagani va mangu barhayot qolishi taʼkidlandi. Omon Matjon sheʼrlaridan namunalar oʻqildi.

Qidirish