Yangiliklar

Image

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha targʻibot tadbirlari oʻtkazildi

Andijon mashinasozlik institutida talaba-yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarining oldini olishga qaratilgan “Jinoyatchilik va diniy ekstremizmga qarshi kurashish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda institut axborot texnologiyalari boʻyicha prorektori Murodjon Sherboyev, Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Shohruh Mirzajonov, profilaktika inspektori, mayor Izzatillo Qahhorovlar qatnashdi.

Davra suhbatida yoshlarga oʻzlarining isteʼdod va iqtidorlarni namoyon etishlari, sifatli taʼlim tarbiya olishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilayotgani qayd etildi. Afsuski, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish oʻrniga vaqtini bekorchi narsalarga sarflayotgan yoshlar ham borligi, natijada jinoyat yoʻliga kirib qolayotganligi taʼkidlandi. 

Maʼruzachilar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirib, sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, ularni sodir etilishiga omil boʻlgan sabablarni sudda koʻrilgan jinoyat ishlari misolida tanishtirib oʻtdilar.

“Har bir talaba ortida ota-ona umidi, ustozlar ishonchi bor. Ushbu ishonchni oqlash uchun umringizning eng goʻzal pallasini bekorchi narsalarga emas, vaqtdan unumli foydalanishga sarflash lozim. Boʻlmasa jinoyat yoʻliga kirib, qonun oldida javob berishingizga toʻgʻri kelib qoladi. Soʻnggi pushaymon oʻzingga dushman, deganlaridek keyinchalik afsuslanib qolmang”, — deya oʻz maslahatlarini berdi Shohruhbek Mirzajonov. 

Tadbir davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan mavzu va tegishli muammolar boʻyicha savollarga soha mutaxassislaridan javob oldilar.

Qidirish