Yangiliklar

Image

Amir Temur – kuch-qudratimiz timsoli

Amir Temur — oʻzligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulugʻvor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgan ulugʻ siymolardan biridir.

Shu sababli ham har yili yurtimizda Sohibqiron tavallud topgan kun koʻtarinki ruhda keng tarzda nishonlanadi. Bu yil ham ulugʻ sarkarda tavalludining 688-yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan oʻtkazilmoqda.

Xususan, Andijon mashinasozlik instituti Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetida «Sohibqiron Amir Temur buyuk shaxs» mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Unda institutning yoshlar masalalari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Akmaljon Ermatov, fakultet dekani Mahmudjon Muxtorov, Mashinasozlik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish kafedrasi dotsenti Muhammadjon Xalilov, Gumanitar fanlar kafedrasi oʻqituvchilari Fazliddin Nizomov, Habibullo Mahmudovlar soʻzga chiqib, sohibqiron nafaqat bizning, balki butun dunyoning hayratiga va eʼtirofiga sazovor boʻlgan buyuk shaxs ekanligini qayd etdilar.

Shuningdek, Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosini oʻrganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.

Yurtimiz va xorijda temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan ulkan hissasiga oid koʻplab badiiy, publitsistik asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumotlar berildi.

Qidirish