Yangiliklar

Image

Davra suhbati: OIV va sil kasalliklari inson salomatligiga tahdidmi?

Andijon mashinasozlik institutida Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan “Talaba yoshlarni sil kasalligi va OIV infeksiyasi bilan kasallanishidan himoya qilish hamda giyohvandlik moddalari isteʼmol qilishni oldini olish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda viloyat Odam immuniteti tanqisligi sindromiga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Janonaxon Mamadaliyeva, institut shifokori Xolidaxon Nazarova, huquqbuzarlik profilaktikasi inspektori, mayor Izatillo Qahhorovlar maʼruza qildilar.

Tadbirda bugungi kunda dunyo boʻylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekishi, eng achinarlisi, ushbu kasallikning davosi boʻlsa-da, har yili 2 millionga yaqin kishi uning oqibatida hayotdan bevaqt koʻz yumishi haqida maʼlumot berildi. Buning sabablaridan biri aholining sil kasalligi xususida yetarlicha maʼlumotga ega emasligi qayd etildi.

Shifokorlar tomonidan sil kasalligi kelib chiqishi, kasallarning kelgusi hayoti, har qanday kasallikni oldini olishda sogʻlom turmush tarziga rioya qilish muhimligi va boshqalar haqida tibbiy maʼlumot berildi.

Shuningdek, tadbirda OIV infeksiyasining hozirgi kundagi koʻrsatkichlari, profilaktikasi, shuningdek giyohvand moddalar isteʼmol qilishning inson organizmiga zararlari toʻgʻrisida atroflicha fikrlar bildirildi.

Tadbir davomida, kasallik yuqtirib olish va undan ehtiyot boʻlish yoʻllari haqida alohida toʻxtalib, talabalar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Qidirish