Yangiliklar

Image

Iqtidorli talabalar Oliy matematika fan olimpiadasida saralandi

Andijon mashinasozlik institutida Oliy matematika fani boʻyicha fan olimpiadasi oʻtkazildi.

 Unda institutning birinchi va ikkinchi bosqichida tahsil olayotgan yuz nafarga yaqin talaba qatnashib, oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. 

Istiqbolli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish yoʻlida yaqindan yordam berish maqsadida tashkil etilgan mazkur ilm-fan bellashuvida ishtirokchilarning bilimlari ikki bosqichda sinovdan oʻtkazildi.

Dastlabki bosqichda yuz nafardan ortiq talabalar orasidan test orqali oʻttiz besh nafari saralanib olindi. Ikkinchi yozma ish bosqichda gʻoliblar aniqlandi.

Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosalariga koʻra, Iqtisodiyot fakultetining 1-bosqich talabasi Islomjon Muhammadjonov eng yuqori 68 ball bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Iqtisodiyot fakultetining 1-bosqich talabasi Dilshodbek Olimov, Transport va logistika fakulteti 1-bosqich talabasi Solijon Soliyev, Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakulteti Mexatronika va robototexnika yoʻnalishi 1-bosqich talabasi Akbar Hakimov faxrli ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashdi.

Maʼlumot uchun, birinchi oʻrinni egallaganlarga bazaviy stipendiya miqdorining 1.5 barobari, ikkinchi oʻrin uchun bazaviy stipendiya miqdorining 1.2 barobari, uchinchi oʻrin uchun bazaviy stipendiya miqdorining bir barobari miqdorida ragʻbatlantiriladi.

Qidirish