Yangiliklar

Image

“Mashinasoz” tarmoq korxonalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” gʻolibi

Andijon mashinasozlik institutida Oʻzbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi sovrini uchun oʻtkazilayotgan Zakovat intellektual oʻyini viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda viloyatdagi metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlariga kiruvchi korxona va tashkilotlarning jamoalari ishtirok etdi.

Ushbu oʻyinni tashkil etishdan maqsad korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yosh xodimlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini tashkil etish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy bilimlarini va nutqiy madaniyatini oshirishdan iborat hisoblanadi.

Ishtirokchilar oʻyin davomida tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy, mantiqiy, shuningdek, sohaga oid boʻlgan savollarga belgilangan vaqtda, uyushgan holda javob berib, oʻzaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Andijon mashinasozlik institutining “Mashinasoz” jamoasi oʻyin davomida berilgan 24 ta savoldan 17 tasiga toʻgʻri javob topib, munosib gʻalabani qoʻlga kiritdi. Shuningdek, respublika bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasiga ega boʻlishdi.

Turnir davomida “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyatining “UzAutoMotors” hamda “UzDongWonCo” aksiyadorlik jamiyatining “Foundry” jamoalari esa ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Institutning barcha professor-oʻqituvchilari hamda talabalari nomidan “Mashinasoz” jamoasini erishgan gʻalabasi bilan qutlab, respublika bosqichida omad yor boʻlishini tilab qolamiz.

Qidirish