Yangiliklar

Image

“Uz Chasys” qoʻshma korxonasi bilan hamkorlik yanada kengaytirilmoqda

Joriy yilning 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon mashinasozlik institutida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan “Oʻz-avtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi ham iqtisodiyot tarmoqlaridagi ishlab chiqarish korxonalari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 

Kuni kecha institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Suhrobjon Aliyev taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yuzasidan olib borilayotgan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida Namangan viloyatidagi “Uz Chasys” qoʻshma korxonasida boʻldi.

Institut vakillari dastlab, korxona faoliyati, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish hajmi va kadrlarga boʻlgan talablar batafsil oʻrganildi.

Shundan soʻng yangilanayotgan shartnoma shartlari yuzasidan muhokama oʻtkazildi. Muhokamalar davomida institut talabalarining amaliyoti, professor-oʻqituvchilar uchun stajirovkalar tashkil etish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qayd etish lozim, endilikda institutimizda tahsil olayotgan namanganlik talabalar oʻz amaliyotlarini korxonada oʻtkazishlari va nazariy bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladilar.

Maʼlumot uchun, mazkur korxona 2008-yilda tashkil etilgan boʻlib, polimer materiallardan faralar va chiroqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Koreya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi, zamonaviy va yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan korxona GM Uzbekistan, AVTOVAZ, PSMA Rus kompaniyalari uchun yetkazib beruvchi (Original uskunalar ishlab chiqaruvchisi) hisoblanadi.

Qidirish