Yangiliklar

Image

Bitiruvchilarning “AUTO RUBBER” korxonasi rahbari bilan uchrashuvi oʻtkazildi

Andijon mashinasozlik institutida bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash hamda ularni ish beruvchilar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida respublikamizda faoliyat yuritayotgan avtomobilsozlikka ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish korxonalari masʼullari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda.

Kuni kecha “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “AUTO RUBBER” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Farrux Marahimovning Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuvi oʻtkazildi.

Ochiq muloqot formatida oʻtgan uchrashuvda korxona tashkil etilish tarixi, faoliyati koʻrsatish sohasi, kadrlarga boʻlgan talab, ularga yaratilgan sharoitlar, ishlab chiqarish jarayonlari va korxonaning kelgusidagi rejalari haqida maʼlumotlar berildi.

“Korxonada yangi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish hajmi yildan yilga ortmoqda. Bu esa salohiyatli kadrlarga boʻlgan talabning ham ortishiga xizmat qilmoqda. Shu sababli ham bugungi uchrashuvni tashkil etdik. Muloqot davomida korxonamiz haqida toʻliq maʼlumot berishga harakat qildik. Hattoki yaqindan tanishib chiqishlari uchun ekskursiyaga taklif qilmoqdamiz”,-deydi Farrux Marahimov.

Uchrashuv davomida talabalar masʼullardan korxonada ishlamoqchi boʻlgan nomzodlardan talab qilinuvchi bilimlar, belgilangan meʼyor va talablar, xodimlar uchun belgilangan oylik maoshlari va boshqa shu kabi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

Shuningdek ochiq muloqotda ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni institut bilan birgalikda ilmiy yondashuv asosida yechimlar topish va talabalar amaliyotini tashkil etishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalar ham muhokama etildi.

Qidirish