Yangiliklar

Image

Andijonda Navroʻz tantanalari koʻtarinki ruhda nishonlanmoqda

Bahor va tabiat uygʻonishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi boʻlgan Navroʻzi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun goʻzal anʼana hisoblanadi.

Xalqimizning koʻp asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan, cheksiz quvonch-u shodliklar elchisi, qut–baraka, mehr-oqibat kaliti boʻlmish ushbu qutlugʻ ayyom har yili oʻzgacha shukuhda nishonlanadi.

Shu kunlarda Navroʻzi olam tantanalari butun respublikamiz boʻylab oʻzgacha shod-u xurramlik va koʻtarinki kayfiyatda bayram qilinmoqda. Andijonda bu yilgi bayram tadbirlari Yangi Andijon shahridagi kengliklarda oʻzgacha ruh, shodiyona bilan boshlandi.

Yangi barpo boʻlayotgan shahar atrofida savdo rastalari, gul doʻkonlari, milliy libos-u taomlar koʻrgazmalari tashkil etildi. Folklor-etnografik ansambllarning milliy aytishuv va qadimiy qoʻshiqlari yangrab, karnay-surnay sadolari yosh-u keksani tantanaga chorlamoqda.

Ushbu bayram tadbirlarida Andijon mashinasozlik instituti professor-oʻqituvchilari va ishchi xodimlari, faol talabalar ishtirok etmoqda.

Bayram tadbirida uyushtirilgan sumalak, koʻk somsa, chuchvara singari bahoriy taomlar, taniqli sanʼatkorlar, estrada xonandalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Har bir ishtirokchida unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.

Navroʻz bayrami shodiyonalari koʻtarinkilik bilan davom etmoqda. Bugungi bayram saylini institutning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali kuzatishingiz mumkin.

Qidirish