Yangiliklar

Image

Oltinkoʻllik maktab bitiruvchilari uchun institutga ekskursiya tashkil etildi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 16-mart kuni Oltinkoʻl tumanidagi Qoʻshkoʻprik mahallasida joylashgan 25-umumiy oʻrta taʼlim maktabida muassasa pedagoglari hamda 11-sinf oʻquvchilari bilan uchrashuv oʻtkazgan edi.

Uchrashuv davomida hokim bitiruvchilarning kelgusidagi rejalari, ularni qiynayotgan muammolarni tinglab, oʻzining maslahat va tavsiyalarini bergan. Shuningdek, bitiruvchilarni viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishga chaqirgandi. 

Shunga asosan bugun maktab bitiruvchilari uchun Andijon mashinasozlik institutiga ekskursiya tashkil etildi.

Ularni institut rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev kutib oldi. Dastlab oʻquvchilarga institut tashkil etilishi tarixi, shu kunga qadar erishgan yutuqlari, mavjud fakultetlar, yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha maʼlumot berildi.

Shundan soʻng bitiruvchilar Elektrotexnika va Avtomobilsozlik, fakultetlarining binosi, fizika laboratoriyalari, sport maydonchalari, axborot resurs markazi, talabalarning startap loyihalarini ishlab qichishga qaratilgan Inkubatsiya markazi, Biotibbiyot muhandisligi va iqtisodiyot yoʻnalishida tahsil oluvchi talabalar amaliyoti oʻtkazish uchun moʻljallangan “Hamkorbank” mini shahobchasi va dars mashgʻuloti xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. 

“Bolaligimdan “GAI” boʻlishni orzu qilaman. Maktabni bitirib, shu mutaxassislik boʻyicha tahsil olish niyatidaman. Bugungi ekskursiya davomida institutda yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida, Yoʻl harakati muhandisligi va shu kabi bir nechta yoʻnalishlarda tahsil olib yoʻl patrul xizmatida ishlash mumkinligini bilib oldim. Kelgusida ushbu institutga hujjat topshirish niyatidaman”,- deydi bitiruvchilardan biri Fayozbek Mahmudov.

Qidirish