Yangiliklar

Image

Talabalar sayohatdan katta taassurot bilan qaytdi

Andijon mashinasozlik instituti bir guruh talabalari 4-martdan 9-martga qadar boʻlgan davr mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasida safarda boʻlishdi.

Sayohatchilar sayohatni Moʻynoq tumaniga tashrifdan boshlashdi. Moʻynoq tumanidagi dastlabki turizm obyekti “Kemalar qabristoni” turizm majmuasi boʻlib, u yerda global katastrofalardan biriga aylangan qurib qolgan Orol dengizining hozirgi holatini dengizning qirgʻogʻi, sobiq kemalar porti sifatida koʻrishimiz, tashlandiq kemalar, sohilning mayin tuproqlari, chigʻanoqlarni koʻrish mumkin.

Soʻng muzey qismiga kirib, Orol dengizining oldingi holati bilan tanishildi. Xususan, videozalda Orol dengizidan baliqchi kemalarda Osyotr baliqlarining tutilishi, ulardan konservalar tayyorlanib, baliqchilik sanoatining rivojlanganini koʻrish mumkin.

Ikkinchi kunda esa talabalar Kegeyli tumanida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, Andijon viloyati hokimi tashabbusi bilan bunyod etilgan kutubxonada boʻldilar. U yerda yaratilgan sharoitlar va mazkur kutubxonada jam boʻlgan kitoblar bilan tanishib, oʻquvchi yoshlar bilan suhbat oʻtkazildi.

Shuningdek, shu kuni Nukus shahrining markazida joylashgan I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat muzeyida ham boʻlishdi. Muzeyda xodimalar tomonidan tarixiy eksponatlar, suratlar va qoraqalpoq madaniyatini aks ettiruvchi milliy libos, zeb-ziynat va haykallar haqida maʼlumotlar berildi.

“Bolaligimda televizor orqali Orol dengizi haqidagi koʻrsatuvlarni koʻrib, borib oʻz koʻzim bilan koʻrishni orzu qilardim. Va nihoyat ushbu orzuyimga erishdim. Tengdoshlarim bilan birga qisqa muddatda boʻlsa-da qardosh xalqning yashash tarzi, u yerdagi madaniy yodgorliklarni oʻz koʻzim bilan koʻrdim.Bularning barchasi menda katta taassurot uygʻotdi. Bizga bunday imkoniyatni yaratib berganlarga oʻz minnatdorligimni bildiraman”,- deydi Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti talabasi Hamidillo Akbarov.

Sayohat talaba-yoshlarda katta taassurot, zavq va foydali maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Qidirish