Yangiliklar

Image

Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universiteti bilan memorandum imzolandi

Kuni kecha Botirali Sidikov nomidagi Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universiteti rektori Abdilbayet Mamasidiqov boshchiligidagi delegatsiya Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida ikki oliy taʼlim muassasalari masʼullari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Unda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari, yaqin doʻstona munosabatlar natijasida mamlakatlar oʻrtasidagi tarixiy aloqalar izchil rivojlanib borayotganligi, ushbu omil oʻzaro munosabatlarni barcha yoʻnalishlarda, shu jumladan taʼlim va ilm-fan sohalarida, yanada faollashtirish uchun mustahkam asos boʻlayotganligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun har ikki tomonda intilish hamda keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari uchrashuvda oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar va talabalarning akademik mobilligini oshirish, ilmiy tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida Andijon mashinasozlik instituti va Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Qayd etish lozim, ushbu kelishuv ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Tashrif davomida mehmonlar institutda talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Maʼlumot uchun, Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universiteti Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahrida joylashgan boʻlib, 1997-yilda tashkil etilgan. Universitetda 5 ta fakultet, 3 ta kollej, 1 ta kasb-hunar litseyi faoliyat yuritadi. Ayni paytda muassasada 23 ta oliy taʼlim, 21 ta oʻrta kasb-hunar va 4 ta notexnika kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha oʻn toʻrt ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Qidirish