Yangiliklar

Image

Belarus Miliiy texnika universiteti bilan hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

Andijon mashinasozlik instituti 2020-yilda Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida tuzilgan memorandumga asosan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.


Jumladan, soʻnggi toʻrt yil davomida hamkorlikda xalqaro konferensiyalar, seminarlar va boshqa ilmiy-amaliy anjumanlar, stajirovka dasturlari oʻtkazildi. Bundan tashqari muassasalar professor-oʻqituvchilarining onlayn uchrashuvlari tashkil etilib, tajribalar almashinildi. Natijada hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha bir qancha taklif va tashabbuslar oʻrtaga tashlandi.

Quvonarlisi, 2021-2022-oʻquv yilida bakalavriat va magistratura bosqichlari boʻyicha 2+2 hamda 1+1 dasturlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda ushbu qoʻshma taʼlim jarayonida bakalavriat boʻyicha ikkita, magistraturada esa beshta yoʻnalish boʻyicha yuzdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

Kuni kecha ushbu universitetning Mexanika-texnologiyalar fakulteti dekani Igor Ivanov hamda uning oʻrinbosari Aleksey Beliylar Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Suhrobjon Aliyev kutib oldi. 

Dastlab mehmonlar institutning Avtomobilsozlik fakultetida talabalarga yaratilgan sharoitlar, oʻquv laboratoriyalar, avtomobillarga xizmat koʻrsatish markazini koʻzdan kechirdilar.

Shundan soʻng institut rektori Umid Turdialiyev ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda amalga oshirilgan ikki tomonlama taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi masalalari boʻyicha hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish, uslubiy va tarbiyaviy ishlarda tajriba almashish, darsliklar va oʻquv materiallari ishlab chiqish, fan va texnikaning turli yoʻnalishlarida qoʻshma tadqiqotlar olib borish boʻyicha ishlar muzokaralar olib borildi.

Mehmonlarning tashrifi davom etmoqda.

Qidirish