Yangiliklar

Image

Fan-taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi istiqbollari muhokama etildi

Andijon mashinasozlik institutida “Raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda fan -taʼlim-ishlab chiqarish integrasiyasini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Unda mahalliy hamda Hindiston, Belarusiya, Rossiya, Qirgʻiziston kabi mamlakatlarning oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, mustaqil izlanuvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjuman avvalida Andijon mashinasozlik instituti rektori, texnika fanlari doktori Umid Turdialiyev soʻz olib, taʼlim sifati, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan boʻlajak kadrlarning har jihatdan raqobatga tayyor boʻlishini taʼminlashda oldinda turgan ustuvor maqsad va vazifalar xususida soʻzladi. Mutaxassislar tayyorlashda taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining ahamiyati haqida toʻxtaldi.

Anjuman davomida Batirali Sidiqov nomidagi Qirgʻiz – Oʻzbek xalqaro universiteti rektori Abdilbayet Mamasidiqov, Belarus Milliy texnika universiteti professor Igor Ivanov, Sharda Universiteti dekanlari Gabriel Ogunmola, Ganesh Shankar va boshqalarning mavzuga oid maʼruzalari tinglandi.

Soʻzga chiqqanlar bugungi kunda taʼlim sifatini, yetishtirilayotgan kadrlar har jihatdan raqobatga tayyor boʻlishini taʼminlash, metodikani zamon talabi asosida tubdan takomillashtirib borishda ilgʻor xorijiy tajriba asosida milliy tajribaga yangilik kiritish, mehnat bozorini har jihatdan toʻgʻri tahlil qilish orqali strategik reja va maqsadni yangilab borish ustuvor vazifa ekani eʼtirof etildi. 

Ishtirokchilar tizimdagi islohot jarayoniga, oliy taʼlim muassasalaridagi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga oid mavjud muammolarga toʻxtalib, qiziqarli takliflarni ilgari surdi.

Qidirish