Yangiliklar

Image

Rektor uyma-uy yurib mahallada oʻziga biriktirilgan yoshlar muammolarini eshitmoqda

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlash boʻyicha koʻplab vazifalar belgilandi.

Xususan, farmon bilan 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, yoshlar vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi belgilandi.

Shuningdek, har oyda kamida bir marotaba oʻzlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama koʻmaklashib borishi lozimligi taʼkidlandi.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyevga Andijon shahridagi “Maʼrifat” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi “maxsus toifa”dagi eʼtiborga muhtoj 25 nafar yoshlar biriktirilgan.

Kuni kecha rektor biriktirilgan yoshlarning xonadonlarida boʻlib, yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi hamda turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Uyma-uy uchrashuvlar davomida institut rahbari hech bir yosh eʼtibordan chetda qolmasligi va ularga sharoit yaratib berilishi, qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Qidirish