Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakultetida sportning stol tennisi turi boʻyicha “Navroʻz kubogi” institut birinchiligi musobaqasi oʻtkazildi.
“Talaba” sport klubi hamda Yoshlar Ittifoqi institut boshlangʻich tashkiloti hamkorligida oʻtkazilgan musobaqada oltmish nafardan ortiq talabalar yigit-qizlar birinchilik uchun oʻzaro kurash olib bordilar.
Qizgʻin va murosasiz oʻtgan musobaqada ishtirokchilar oʻzlarining sportdagi mahorat va irodasini namoyon etdilar.
Sportda omad kuchlilarga kulib boqadi, degan oltin qoida mazkur musobaqada ham yana bir oʻz isbotini topdi. Musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, yigitlar oʻrtasida Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti talabasi Humoyun Toʻxtasinov va qizlar oʻrtasida Transport va logistika fakulteti talabasi Dilnoza Bahramjonovalar oʻzlarining ishonchli gʻalabasi evaziga faxrli birinchi oʻrinni egalladilar.
Shuningdek, yigitlar oʻrtasida Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti talabasi Orifxon Mehmonov, Transport va logistika fakulteti talabasi Oybek Abasxanov hamda qizlar oʻrtasida Transport va logistika fakulteti talabasi Shirin Inomova, Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakulteti talabasi Zunayra Xabibullayevalar hal qiluvchi oʻyinlarda bir oz imkoniyatni boy berib, shohsupaning ikkinchi va uchinchi pogʻonasini band etishdi.
Gʻoliblar Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali tadbirda taqdirlanadilar.