Yangiliklar

Image

Zulfiya mukofoti sovrindori bilan uchrashuv

Andijon mashinasozlik instituti Iqtisodiyot hamda Avtomobilsozlik fakultetlarida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Nigoraxon Rustamova bilan “Maktab stulidan “Zulfiya”gacha” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi.

Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludining 109 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir avvalida Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi Muhtaram Xaliqova tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning barcha sohalardagi isteʼdodini roʻyobga chiqarish borasidagi davlat siyosati, olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritildi. Shuningdek ijodkor va uning ijod yoʻli yodga olindi.

Bundan tashqari xotin-qizlarni eʼzozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlash hamda oʻzining iqtidori, izlanuvchanligi, muhim gʻoya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yurtimiz yoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi oʻzgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida bor kuch-gʻayrati, zamonaviy bilim va malakasi, maʼnaviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan qizlar har yili Zulfiya mukofoti bilan taqdirlanayotgani qayd etildi.

Shundan soʻng Andijon mashinasozlik instituti doktoranti Nigora Rustamova bolalik yillari, muvaffaqiyatga erishish yoʻli, amalga oshirgan ishlari haqida maʼlumot berdi. Oʻz soʻzida ham jamiyatda, ham oilada oʻz oʻrni va mavqega ega boʻlish uchun bilim va salohiyat juda katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Uchrashuvda talabalar tomonidan berilgan savollarga toʻliq javob berib, ularga koʻproq kitob oʻqish, oʻzi qiziqqan soha yoʻnalishi boʻyicha tinmay izlanishini tavsiya qildi.

Qidirish