Andijon mashinasozlik institutida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayol professor-oʻqituvchilar va talaba-qizlar ishtirokida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi.
“Zakovat” intellektual oʻyinini aholi orasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish, gender tengligini taʼminlash, yurtimizda xotin-qizlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ayollarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda ularning intellektual qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan bellashuvda har bir fakultetdan bittadan jamoa ishtirok etdi.
Jamoa ishtirokchilariga adabiyot, mantiq, tarix, psixologiya fani yoʻnalishlari boʻyicha savollar berildi. Zukkolik, tezkorlik, yuqori bilim va salohiyat talab etgan intellektual oʻyin gʻoliblik uchun murosasiz bahslarga boy kechdi.
Keskin kurashlar va kuchli his-hayajon ostida oʻtgan turnirda Avtomobilsozlik fakulteti jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni esa Iqtisodiyot hamda Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetlarining xotin-qizlari egalladi.
Gʻoliblar bayram arafasida oʻtkaziladigan tantanali marosimda taqdirlanadilar