Yangiliklar

Image

Samimiy va ochiq suhbat, qimmatli maslahatlar “Rektor va yoshlar” uchrashuvida

Andijon mashinasozlik institutida yoshlarni muammolarini oʻrganish, taklif va mulohazalari bilan tanishish, ularga zaruriy shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratish maqsadida doimiy ravishda “Rektor va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazib kelinmoqda.

Rektor Umid Turdialiyevning navbatdagi uchrashuvi Transport va logistika hamda Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetlarida boʻlib oʻtdi.

Unda rektor yoshlarning oʻz iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini taʼkidladi. Talaba-yoshlarning odob-axloq qoidalari, kiyinish madaniyatiga rioya qilishi, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati xususida atroflicha soʻz yuritdi.

“Bugun yoshlar uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Faqat undan toʻgʻri foydalanish har kimning oʻziga bogʻliq. Siz kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalik baxtiga muyassar boʻlgan oʻntaning bittasisiz. Kirish nasib qilmagan qolgan toʻqqizta abituriyent sizga havas bilan qaraydi. Ota-onangiz tanlagan kasbingizni yaxshi oʻrganib, malakali mutaxassis boʻlishingiz uchun ishonch bildirib turibdi. Endi sizdan faqat oʻqish, ustozlardan bilimni sugʻurib olish talab qilinmoqda. Oʻqiyapman, deyishingiz mumkin. Bunda siz nafaqat atrofingizdagilarni, balki oʻzingizni aldayotgan boʻlishingiz mumkin. Shu sababli oʻzingizni oʻzingiz aldamang. Toʻrt yil oʻzingizni qiynab, mehnat bozoriga munosib kadr boʻlishga harakat qiling”,- deya rektor uchrashuv davomida talabalarga shu kabi bir qancha oʻz maslahatlarini berdi.

Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda talabalar oʻquv jarayoni, moddiy va maʼnaviy ehtiyojlari, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga doir masalalar boʻyicha oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolari, taklif va tashabbuslarini bildirishdi.

Qidirish